Ruhiy holati buzilgan shaxslarga nisbatan tibbiy yoʻsindagi majburlov choralarini qoʻllash boʻyicha sud amaliyoti toʻgʻrisida 4-band. Aqli noraso holatda jinoyat sodir etgan shaxsga yoki jinoyat sodir etgandan keyin oʻz…

Aqli noraso holatda jinoyat sodir etgan shaxsga yoki jinoyat sodir etgandan keyin oʻz harakatlarining ahamiyatini anglay olmaydigan yoki ularni boshqara olmaydigan tarzda ruhiy holatining buzilishi yuzaga kelgan shaxsga nisbatan sud tomonidan tibbiy yoʻsindagi majburlov choralari (JK 18-moddasi uchinchi qismi , 67-moddasi ikkinchi qismi , 75-moddasi ikkinchi qismi ) qoʻllanilishi mumkin. Qonunga koʻra (JK 2-moddasi ikkinchi qismi ), tibbiy yoʻsindagi majburlov choralari boshqa tarzdagi jinoyat-huquqiy taʼsir chorasi sifatida ijtimoiy xavfli qilmish sodir etgan va ruhiy holati buzilgan shaxslarga nisbatan davlat majburlovi koʻrinishi hisoblanadi. Bunday choralar faqat shaxs u tomonidan sodir etilgan qilmishning xususiyati va oʻzining ruhiy holatiga koʻra jamiyat uchun xavfli boʻlgan hollardagina qoʻllaniladi. Shaxs jamiyat uchun xavflimi va u tibbiy yoʻsindagi majburlov choralari qoʻllanilishiga muhtojmi, degan masala sud-psixiatriya ekspertizasi xulosasi inobatga olingan holda hal qilinadi. Bunda sud JPK 187-moddasiga asoslanib, taraflar iltimosnomasiga koʻra yoki oʻz tashabbusi bilan ish boʻyicha qoʻshimcha (qayta) sud-psixiatriya ekspertizasi yoki kompleks (psixologiya-psixiatriya, seksologoiya-psixiatriya va h.k.) ekspertizasi oʻtkazilishini tayinlashi mumkin.