Sudlarning eʼtibori qonunda (IPKning 337-moddasi) ijro hujjatining mazmuniga nisbatan qatʼiy talablar belgilanganligiga qaratilsin. Ijro varaqasi sud hujjatining qaror qismiga soʻzma-soʻz monand boʻlishi va undiruvchi hamda qarzdorga oid toʻliq maʼlumotlar (familiyasi, ismi, otasining ismi, tugʻilgan yili, manzili, shaxsiy identifikatsiya raqami, yuridik shaxslarga nisbatan esa uning aniq nomlanishi, soliq toʻlovchi identifikatsiya raqami) ni oʻzida aks ettirgan boʻlishi shart. Bunday talablar bajarilmagan taqdirda davlat ijrochisi ijro varaqani kamchiliklarni bartaraf etish uchun qaytarishi mumkin. Fuqarolik ishlari boʻyicha sud tomonidan javobgarni muayyan harakatlar sodir etishga majburlovchi qaror chiqarilganda, sud ijro varaqasida, agar javobgar belgilangan vaqt ichida qarorni bajarmasa, daʼvogar mazkur harakatlarni oʻzi sodir etib, qilingan xarajatlarni javobgardan undirib olishga haqli ekanligini koʻrsatishi mumkin. Agar mazkur harakatlar faqat javobgar tomonidan sodir etilishi mumkin boʻlsa, sud qaror ijro etilishi shart boʻlgan muddatni koʻrsatadi. Sudlar chet davlat sudining qarorini tan olish va ijroga qaratish toʻgʻrisidagi ajrimiga asosan beriladigan ijro varaqasida chet davlat sudining qarori qonuniy kuchga kirgan sanasini koʻrsatishlari lozim.