Ijro hujjati talablarida noaniqliklar mavjud boʻlgan yoki u bilan sud hujjati orasida tafovut aniqlangan holda davlat ijrochisi, Qonunning 31-moddasiga muvofiq, ijro hujjatini bergan sudga sud hujjatini tushuntirish, mazkur hujjatlarda yoʻl qoʻyilgan yozuv, bosma va arifmetik xatolarni bartaraf etish toʻgʻrisida ariza bilan murojaat qilishga haqli. Davlat ijrochisining arizasida sud hujjatining qonuniyligi masalasida mushohada yuritilishi mumkin emas. Davlat ijrochisining arizasi, u kelib tushgan kundan boshlab fuqarolik ishlari boʻyicha sud tomonidan oʻn kunlik, iqtisodiy sud tomonidan esa, yigirma kunlik muddat ichida koʻrib chiqiladi, natijasi boʻyicha ajrim chiqariladi. Arizani koʻrib chiqish natijasi boʻyicha iqtisodiy sudning ajrimi ustidan shikoyati berilishi yoki protest keltirilishi, fuqarolik ishlari boʻyicha sudining ajrimi ustidan xususiy shikoyat yoki xususiy protest keltirilishi mumkin. Sud tomonidan faqat ijro etilmagan sud hujjati yoki uning ijro etilmagan qismi yuzasidan tushuntirish beriladi.