Sudlar tomonidan er va xotinning umumiy mol-mulkini boʻlish haqidagi ishlarni koʻrishda qonunchilikni qoʻllash amaliyoti toʻgʻrisida 9-band. Er-xotinning umumiy mol-mulkini boʻlish haqidagi masalani hal qilishda, basharti ularning…

Er-xotinning umumiy mol-mulkini boʻlish haqidagi masalani hal qilishda, basharti ularning oʻrtasida nikoh shartnomasi tuzilmagan boʻlsa, sudlar OK 5-bobida nazarda tutilgan normalarga rioya etishlari lozim. Er va xotin oʻrtasida notarial tartibda tasdiqlangan nikoh shartnomasi mavjud boʻlgan hollarda mol-mulk nikoh shartnomasida nazarda tutilgan shartlar asosida boʻlinadi. Nikoh shartnomasida umumiy mol-mulkning ayrim turlariga nisbatan birgalikdagi umumiy mulkning qonunda belgilangan tartibi (OK 23-moddasi ) oʻzgartirilgan hollarda, nikoh shartnomasida koʻrsatilmagan mol-mulk qonunda belgilangan tartibda boʻlinadi. Bunda shuni inobatga olish kerakki, OK 31-moddasining beshinchi qismiga koʻra, nikoh shartnomasining er yoki xotindan birini oʻta noqulay sharoitga solib qoʻyadigan (masalan, er-xotindan birini nikoh davrida topilgan mol-mulkka nisbatan mulk huquqidan batamom mahrum etadigan) shartlari shu er yoki xotin talabi boʻyicha sud tomonidan haqiqiy emas deb topilishi mumkin.