Sudlar tomonidan farzandlikka olish haqidagi ishlar boʻyicha qonunchilikni qoʻllash amaliyoti toʻgʻrisida 17-band. Sudlarning eʼtibori chet el fuqarolari boʻlgan yoki fuqaroligi boʻlmagan farzandlikka…

Sudlarning eʼtibori chet el fuqarolari boʻlgan yoki fuqaroligi boʻlmagan farzandlikka oluvchi shaxslar tomonidan taqdim etiladigan hujjatlar belgilangan tartibda legalizatsiya qilinishi yoxud ularga belgilangan tartibda apostil qoʻyilgan boʻlishi lozimligiga qaratilsin. Bunda taqdim etiladigan hujjatlar Oʻzbekiston Respublikasining davlat tiliga tarjima qilingan va notarial tasdiqlangan boʻlishi shart. Xususan, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 3-dekabrdagi 732-sonli qarori bilan tasdiqlangan Rasmiy hujjatlarga apostil qoʻyish boʻyicha davlat xizmati koʻrsatishning Maʼmuriy Reglamentiga muvofiq xorijiy rasmiy hujjatlarni legallashtirish talabini bekor qiluvchi Konvensiya (Gaaga, 1961-yil 5-oktabr) ishtirokchilari boʻlgan davlat fuqarolarining hujjatlari legallashtirilishi talab etilmasligi, balki vakolatli davlat organlari hujjatni imzolagan sifatida ish koʻrgan shaxsning imzosi haqiqiyligi va hujjatni tasdiqlagan muhr yoki shtamp bosma izi haqiqiyligi tasdiqlanishi kifoya qilishini inobatga olish lozim. Oʻzbekiston Respublikasidan tashqarida doimiy yashayotgan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari, chet el fuqarolari va fuqaroligi boʻlmagan shaxslarning turmush sharoitlarini oʻrganish haqida dalolatnomalarni tekshirish va baholashda sudlar dalolatnoma Konvensiya hamda FPK 300-moddasining uchinchi qismi talablariga muvofiqligiga eʼtibor qaratishlari talab etiladi.