Jinoyat kodeksining 8 , 54-moddalari mazmuniga koʻra, jazo adolatli boʻlishi — har bir holatda individual tayinlanishi, jinoyatning xususiyati va ijtimoiy xavflilik darajasiga, aybdorning shaxsiga, shuningdek jazoni yengillashtiruvchi va ogʻirlashtiruvchi holatlarga muvofiq boʻlishi kerak. Jinoyatning ijtimoiy xavflilik xususiyati tajovuz obyekti (inson hayoti va sogʻligʻi, mulk, jamoat xavfsizligi va h.k.), ayb shakli, jinoiy qilmishning qonunda qaysi toifaga (JK 15-moddasi ) kiritilganligi bilan belgilanadi. Jinoyatning ijtimoiy xavflilik darajasi qilmish sodir etilishi holatlari (jinoiy niyatning amalga oshirilganligi darajasi va bosqichlari jinoyatni sodir etish usuli, zarar miqdori yoki kelib chiqqan oqibatlar ogʻirligi, ishtirokchilikda sodir etilgan jinoyatda sudlanuvchining roli) bilan belgilanadi.