Sudlar tomonidan jinoyat uchun jazo tayinlash amaliyoti toʻgʻrisida 37-band. JK 57-moddasiga muvofiq, sodir etilgan jinoyatning ijtimoiy xavflilik darajasini jiddiy…

JK 57-moddasiga muvofiq, sodir etilgan jinoyatning ijtimoiy xavflilik darajasini jiddiy kamaytiruvchi holatlar aniqlangan taqdirda, Jinoyat kodeksi Maxsus qismi moddasi sanksiyasida nazarda tutilgan eng kam jazodan ham kamroq yoki shu moddada nazarda tutilmagan boshqa yengilroq jazo tayinlanishi mumkin. Bunda, qonunga muvofiq, sudlar, nafaqat shaxs jinoyat sodir etish vaqtida koʻzlagan motiv va maqsad, ayb shakli va darajasini, balki, aybdorning shaxsi, jinoyat ishtirokchilari orasidagi roli, jinoyat sodir etilish paytidagi yoki sodir etilganidan keyingi xulq-atvori, jinoyatni sodir etish sabablari va bunga olib kelgan shart-sharoitni ham eʼtiborga olishlari lozim. Jinoyatning ijtimoiy xavflilik darajasini jiddiy kamaytiruvchi alohida holatlar roʻyxati qonunda koʻrsatilmaganligini nazarda tutib, sud qabul qilgan qarorini hukmda asoslantirgan holda jazoni yengillashtiruvchi ayrim holatni ham, ularning majmuini ham bunday holat sifatida tan olishi mumkin (masalan moddiy zararning toʻliq qoplanganligi, sudlanuvchi yoki ota-onasining ogʻir kasalligi, ularning mehnatga layoqatsizligi, aybdor ota-onasining yoki bolasining boshqa boquvchisi yoʻqligi, sudlanuvchining keksa yoshda ekanligi, uning bir guruh shaxslar tomonidan sodir etilgan jinoyatni ochishda faol ishtirok etganligi, jabrlanuvchining jinoyat sodir etilishiga turtki bergan huquqqa xilof xulq-atvori, jabrlanuvchining sudlanuvchi bilan yarashganligi va h.k.).