Sudlarning eʼtibori dastlabki sinov muddati tugagunga qadar taraflarning har biri ikkinchi tarafni kamida uch kun oldin yozma shaklda ogohlantirgan holda mehnat shartnomasini bekor qilishga haqliligiga qaratilsin (MK 132-moddasining birinchi qismi). Uch kunlik ogohlantirish muddatini qisqartirishga faqat taraflar kelishuviga koʻra yoʻl qoʻyiladi. Mehnat shartnomasini dastlabki sinov muddati davomida xodimning tashabbusiga koʻra bekor qilishdan kelib chiqadigan nizolarni koʻrishda sudlar quyidagilarni eʼtiborga olishi kerak: mehnat shartnomasini bekor qilishga faqat xodimning yozma arizasi asos boʻlib, u haqiqatdan uning mehnat munosabatlarini bekor qilish toʻgʻrisidagi xohish-istagini namoyon etishi lozim. Bunda xodimni mehnat shartnomasini bekor qilish toʻgʻrisida qaror qabul qilishga undagan sabablar ahamiyatga ega emas; qonunda nazarda tutilgan yoki taraflar kelishuviga asosan belgilangan ogohlantirish muddatida xodim oʻz arizasini qaytarib olishga haqli; mehnat shartnomasi dastlabki sinov muddati davomida xodim tashabbusiga koʻra bekor qilinayotganda qonunda koʻrsatilgan yoki taraflar kelishuviga koʻra belgilangan ogohlantirish muddati tugagach, xodim ishni tashlab ketishga haqli. Bunda ish beruvchi tomonidan mehnat shartnomasini bekor qilishni kechiktirishga yoʻl qoʻyilmaydi; dastlabki sinov shartlari muddatli mehnat shartnomasiga (6 oydan ortiq muddatga tuzilgan muddatli mehnat shartnomasiga) kiritilgan taqdirda va bu shartnoma muddatidan ilgari bekor qilinganda taraflarning neustoyka toʻlash haqidagi oʻzaro majburiyati koʻzda tutilgan boʻlsa, xodimning tashabbusi bilan mehnat shartnomasi bekor qilinganida ish beruvchining xodim tomonidan neustoyka toʻlanishi haqidagi talablari qanoatlantirilmaydi, chunki MKning 159-moddasida neustoykani toʻlashga yoʻl qoʻyiladigan holatlar aniq koʻrsatilgan.