Muddatli mehnat shartnomasida uni muddatidan oldin bekor qilingan hollarda taraflarning neustoyka toʻlashi haqidagi oʻzaro majburiyatlari nazarda tutilishi mumkin. Taraflardan biri neustoyka toʻlashdan bosh tortsa, uni undirish sud tartibida amalga oshiriladi. Neustoyka toʻlash haqidagi nizolarni hal qilishda sud quyidagilarni nazarda tutishi lozim: neustoyka toʻlash shartlari taraflarning kelishuviga binoan faqat muddatli mehnat shartnomasida koʻrsatilgan boʻlishi mumkin; neustoyka miqdori taraflarning kelishuviga muvofiq belgilanadi va u ish beruvchi tomonidan xodimning manfaatlarini koʻzlab qilingan xarajatlarga, xodim ishlagan davr va boshqa holatlarga bogʻliq tarzda farqlanishi mumkin; agar mehnat shartnomasida neustoykaning miqdori belgilab qoʻyilmagan boʻlsa, taraflar uni toʻlashdan ozod etiladi; xodim toʻlaydigan neustoyka miqdori ish beruvchi toʻlaydigan neustoyka miqdoridan oshib ketishi mumkin emas. Shu bilan birga mehnat shartnomasi ish beruvchi tomonidan neustoykani yuqori qiymatda toʻlashini nazarda tutishi mumkin. Muddatli mehnat shartnomasi muddatidan oldin xodimning tashabbusiga (MKning 160-moddasi), shuningdek xodimning aybli xatti-harakatlariga bogʻliq asoslarga koʻra ish beruvchining tashabbusi bilan (MK 161-moddasining ikkinchi qismi 4 va 5-bandlari) bekor qilingan boʻlsa, xodim ish beruvchiga neustoyka toʻlaydi. Muddatli mehnat shartnomasi muddatidan oldin boshqa asoslarga koʻra bekor qilinganda, xodimning neustoyka toʻlash majburiyatini mehnat shartnomasiga kiritilishi gʻayriqonuniy deb hisoblanadi. Agar mehnat shartnomasi xodimning tashabbusi bilan bekor qilinishi haqidagi ariza u oʻz ishini davom ettirishi mumkin emasligi (taʼlim tashkilotiga qabul qilinganligi, pensiyaga chiqqanligi, saylab qoʻyiladigan lavozimga saylanganligi va boshqa hollarda) sababli berilgan boʻlsa, xodim neustoyka toʻlashdan ozod qilinishiga sudlarning eʼtibori qaratilishi lozim (MK 160-moddasining sakkizinchi qismi). Xodimning ushbu tashkilotda oʻz ishini davom ettir