Sudlar tomonidan mehnat shartnomasini bekor qilishni tartibga soluvchi qonunchilikni qoʻllash amaliyoti toʻgʻrisida 38-band. Agar tashkilotning ichki mehnat tartibi qoidalaridagi oʻz mehnat majburiyatlarini bir…

Agar tashkilotning ichki mehnat tartibi qoidalaridagi oʻz mehnat majburiyatlarini bir marta qoʻpol ravishda buzish deb hisoblanadigan nojoʻya xatti-harakatlar roʻyxatida progul uchun xodim bilan tuzilgan mehnat shartnomasi bekor qilinishi mumkin deb koʻrsatilgan boʻlsa, mehnat shartnomasini MK 161-moddasi ikkinchi qismining 5-bandiga asosan bekor qilinishiga koʻrsatilgan qoidalarda xodimning ish joyida uzrsiz sabablarga koʻra qancha vaqt boʻlmaganligi (toʻla ish kuni davomida yoki ish kunining bir qismida va shu kabi) progul deb topilishi belgilab qoʻyilgan taqdirda yoʻl qoʻyiladi. Xodimning ish vaqtida tashkilot yoki unga berilgan vazifani bajarishi lozim boʻlgan obyekt hududidan tashqarida boʻlishi ish joyida boʻlmaslik deb tushuniladi. Shunga koʻra, ishda har qanday boʻlmaslik emas, balki faqatgina uzrsiz sabablar bilan ish joyida boʻlmaslik progul deb hisoblanishi mumkinligini inobatga olib, sudlar xodimning ish joyida boʻlmaganligini haqiqiy sabablarini aniqlashlari lozim. Sud xodimni ishda uzrli sabablarga koʻra boʻlmagan deb topsa, mehnat shartnomasini MK 161-moddasi ikkinchi qismining 5-bandiga asosan bekor qilinishini gʻayriqonuniy deb topadi va avvalgi ishiga tiklash haqidagi talabni qanoatlantiradi. Xodim ish joyida ichki mehnat tartibi qoidalarida belgilangan muddatda ish vaqtida uzrsiz sabablarga koʻra boʻlmagan hollar quyidagilardan iborat: ish beruvchining ruxsatisiz oʻzboshimchalik bilan taʼtilga ketish yoxud oʻzboshimchalik bilan dam olish kunlari (otgul)dan foydalanish; ish beruvchining ruxsatisiz ishni tashlab ketish, shuningdek xodimning tashabbusiga koʻra ish beruvchini mehnat shartnomasini bekor qilish haqida oʻn toʻrt kalendar kun oldin yoki taraflar kelishuviga koʻra qisqartirilgan boshqa muddat oʻtmasdan ishni tashlab ketish; ish beruvchi tashabbusiga koʻra mehnat shartnomasi bekor qilinishida qonun bilan belgilangan ogohlantirish muddati tugamasdan ishni tashlab ketish oqibatida ish joyida boʻlmaslik va boshqa holatlar.