Tashkilot mulkdorining oʻzgarishi sababli MK 489-moddasi birinchi qismining 1-bandiga koʻra mehnat shartnomasini bekor qilish faqat tashkilot rahbari, uning oʻrinbosarlari, bosh buxgalter va tashkilotning alohida boʻlinmasi rahbariga nisbatan amalga oshirilishi mumkin. Ushbu shaxslar bilan mehnat shartnomasini koʻrsatilgan asosga koʻra bekor qilinishi bilan bogʻliq nizolarni hal qilishda haqiqatda tashkilot mulkdori almashgan-almashmagani aniqlanishi zarur. Bunda davlat tashkilotlarining boʻysunuvi oʻzgarishi mulkdor almashuvi deb hisoblab boʻlmaydi. Mehnat shartnomasini shu asosga koʻra bekor qilishga tashkilot mulk qilib olingan kundan eʼtiboran uch oy ichida yoʻl qoʻyiladi. Mazkur muddatga xodimning vaqtincha mehnatga qobiliyatsizligi davrlari, uning mehnat toʻgʻrisidagi qonunchilik va mehnat haqidagi boshqa huquqiy hujjatlarda nazarda tutilgan taʼtillarda boʻlganligi vaqti, boshqa uzrli sabablarga koʻra ishda boʻlmagan davrlari kiritilmaydi.