MKning 143-moddasiga asosan ish beruvchi boʻsh (vakant) ish oʻrni mavjud boʻlgan taqdirda, sogʻligʻining holatiga koʻra, tibbiy xulosaga muvofiq yengilroq yoki noqulay ishlab chiqarish omillarining taʼsirini istisno etadigan, sogʻligʻining holati boʻyicha qarshi koʻrsatma boʻlmagan ishga doimiy oʻtkazishga muhtoj boʻlgan xodimni uning roziligi bilan shunday ishga oʻtkazishi shart. Xodim MK 143-moddasining birinchi qismida nazarda tutilgan boshqa ishga oʻtkazilishni rad etgan taqdirda, shuningdek agar ish beruvchida xodim sogʻligʻi holati boʻyicha qarshi koʻrsatma boʻlmagan boshqa ish boʻlmasa, xodim bilan tuzilgan mehnat shartnomasi xodim sogʻligʻi holati boʻyicha qarshi koʻrsatma boʻlmagan boshqa ishga oʻtkazilishni rad etganligi yoxud ish beruvchida tegishli ish boʻlmaganligi munosabati bilan xodimga ishdan boʻshatish nafaqasi toʻlangan hamda 100-moddasida nazarda tutilgan kafolatlar taqdim etilgan holda MK 143-moddasining ikkinchi qismiga koʻra bekor qilinishi mumkin. Sudlarning eʼtibori shunga qaratilsinki, xodim bajarishi lozim boʻlgan ishni uddalashidan qatʼi nazar, agar tibbiy xulosaga koʻra xodim ushbu ishni bajarishi toʻgʻri kelmasa yoki mehnat jamoasi aʼzolari yoxud ular xizmat qiladigan fuqarolar uchun xavf tugʻdirsagina, mehnat shartnomasini sogʻligʻi holatiga koʻra bekor qilinishiga yoʻl qoʻyiladi. Agar xodim unga topshirilgan ishni uddalasa, tibbiy xulosaga koʻra sogʻligʻining yomonlashuvi, shuningdek xodimga nogironlik berilishi, mehnat shartnomasini MK 143-moddasining ikkinchi qismi bilan bekor qilish uchun yetarli sabab boʻlib hisoblanmaydi. Sudlar tibbiy xulosada xodimning mehnatga layoqatlilik darajasi qanday belgilanganligini alohida tekshirishlari zarur. Agar berilgan tibbiy xulosada xodim mehnat faoliyatiga toʻliq qobiliyatsiz deb eʼtirof etilgan boʻlsa, mehnat shartnomasi taraflarning xohish-irodasiga bogʻliq boʻlmagan holatlarga koʻra MK 168-moddasi birinchi qismining 5-bandiga asosan bekor qilinadi.