Sudlar tomonidan mehnat shartnomasini bekor qilishni tartibga soluvchi qonunchilikni qoʻllash amaliyoti toʻgʻrisida 50-band. MK 168-moddasi birinchi qismining 2-bandi boʻyicha mehnat shartnomasini bekor qilishga…

MK 168-moddasi birinchi qismining 2-bandi boʻyicha mehnat shartnomasini bekor qilishga, shu ishni ilgari bajarib kelgan xodimning avvalgi ishiga tiklash ish beruvchining majburiyati hisoblangan hollarda yoʻl qoʻyiladi. Bunday hollarga quyidagilar kiradi: mehnat shartnomasi gʻayriqonuniy bekor qilingan xodimni, sudning hal qiluv qarori, yuqori turuvchi organ, ish beruvchi oʻzining qarorlari, shuningdek mehnat haqidagi qonunlarga rioya qilish ustidan nazorat olib boruvchi (masalan, prokuror protesti, davlat mehnat inspektori koʻrsatmasi) organlar talabi boʻyicha avvalgi ishiga tiklash; yuqoridagi xatboshida qayd etilgan organlar qarori hamda mehnat nizolari boʻyicha komissiya qarori bilan boshqa ishga gʻayriqonuniy oʻtkazilgan xodimni avvalgi ishiga tiklash; gʻayriqonuniy ravishda hukm qilinganligi munosabati bilan mehnat shartnomasi bekor qilingan xodimning ishga tiklash haqidagi talabining qanoatlantirilishi (MK 561-moddasining toʻrtinchi qismi); ishga qabul qilishni qonunga xilof ravishda rad etishning gʻayriqonuniyligi sababli xodimni ishga qabul qilingan deb topish haqidagi daʼvogarning talabini qanoatlantirish. Agar tashkilotda boʻsh ish oʻrni boʻlmasa yoki xodim taklif qilingan ishga oʻtishni rad qilsa, u bilan tuzilgan mehnat shartnomasi MK 168-moddasi birinchi qismining 2-bandiga asosan ishdan boʻshatish nafaqasi toʻlangan holda bekor qilinadi.