Sudlar tomonidan mehnat shartnomasini bekor qilishni tartibga soluvchi qonunchilikni qoʻllash amaliyoti toʻgʻrisida 51-band. Xodimni avvalgi ishini davom ettirish imkoniyatini istisno etadigan jazoga mahkum etgan…

Xodimni avvalgi ishini davom ettirish imkoniyatini istisno etadigan jazoga mahkum etgan sudning hukmi qonuniy kuchga kirishi, shuningdek xodimni sudning qaroriga koʻra ixtisoslashtirilgan davolash-profilaktika muassasasiga yuborilishi MK 168-moddasi birinchi qismining 3-bandiga asosan mehnat shartnomasini bekor qilishga asos boʻladi. Quyidagi holatlar mavjud boʻlgan taqdirda ushbu asos boʻyicha mehnat shartnomasi bekor qilinishi mumkin: xodimning jinoyat sodir etganligi sudning hukmi bilan isbotlangan va mazkur hukm qonuniy kuchga kirganligi; sud hukmi bilan tayinlangan jazo va ushbu jazoning ijro qilinishi xodimni mazkur tashkilotda qolib ishlashini istisno etishi va mehnat munosabatlari davom etishiga imkon bermasligi. Sudlarning eʼtibori xodimni jinoyat sodir qilganlikda ayblov hukmi qonuniy kuchga kirganidan soʻng ham, basharti sud hukmida nazarda tutilgan jinoiy jazo uni tashkilotda ishni davom ettirishga toʻsqinlik qilmasa (masalan, jarima, majburiy jamoat ishlari, axloq tuzatish ishlari kabi jazolar qoʻllanilganligi), ish beruvchi xodim bilan ushbu asosga koʻra mehnat shartnomasini bekor qilishga haqli emasligiga qaratilsin.