MK 168-moddasi birinchi qismining 6-bandiga koʻra tashkilotni tugatish yoki ish beruvchi boʻlgan yakka tartibdagi tadbirkor faoliyatini tugatish toʻgʻrisidagi sud qarorining qonuniy kuchga kirganligi xodim bilan mehnat shartnomasini bekor qilish uchun asos boʻladi. Mazkur asos bilan mehnat shartnomasini bekor qilish uchun tashkilot yoki yakka tartibdagi tadbirkor faoliyatini tugatish haqidagi sud qarori qonuniy kuchga kirgan boʻlishi shart. Agar tashkilot oʻz muassislarining (ishtirokchilarining) yoki taʼsis hujjatlari bilan bunga vakolat berilgan yuridik shaxs organining qarori bilan tugatilganda, sudlar mehnat shartnomasi ish beruvchi tashabbusiga koʻra MK 161-moddasi ikkinchi qismining 1-bandiga asosan bekor qilinishiga eʼtibor qaratsin. Ish beruvchi MK 168-moddasi birinchi qismining 6-bandida nazarda tutilgan asos boʻyicha xodimni mehnat shartnomasi bekor qilinishi toʻgʻrisida kamida ikki oy oldin yozma ravishda (imzo qoʻydirib) ogohlantirishi yoki xodimga ogohlantirish muddatining davomiyligiga mos keladigan pul kompensatsiyasini toʻlashi shart.