Sudlar tomonidan mehnat shartnomasini bekor qilishni tartibga soluvchi qonunchilikni qoʻllash amaliyoti toʻgʻrisida 63-band. Mehnat shartnomasi bekor qilinganda xodimga beriladigan toʻlovlar yuzasidan boʻlgan…

Mehnat shartnomasi bekor qilinganda xodimga beriladigan toʻlovlar yuzasidan boʻlgan nizolarni koʻrishda quyidagilar aniqlanishi zarur: oxirigacha olinmagan ish haqi va xodim tomonidan foydalanilmagan barcha asosiy va qoʻshimcha taʼtillar uchun kompensatsiyalar toʻlanganmi; ish haqini, taʼtil toʻlovlarini, mehnat shartnomasi bekor qilingandagi toʻlovlarni va xodimga toʻlanishi lozim boʻlgan boshqa toʻlovlarni toʻlash muddati buzilgan taqdirda, MKning 333-moddasida koʻrsatilgan foizlar toʻlanganmi; mehnat shartnomasi MK 173-moddasining ikkinchi qismida sanab oʻtilgan asoslarga koʻra bekor qilinganda, xodimga ushbu moddaning uchinchi va toʻrtinchi qismlarida belgilangan miqdorda ishdan boʻshatish nafaqasi toʻlanganmi; xodim bilan mehnat shartnomasi alohida asoslarga koʻra bekor qilinganda unga moddiy yordam berish uchun qoʻshimcha kafolatlar berilganmi (MKning 100-moddasi). Xodimning mehnat shartnomasi bekor qilinishi bilan uni qonunda oʻrnatilganidan yuqori pul toʻlovlari (masalan, ishdan boʻshatish nafaqasini oʻrtacha oylik ish haqidan ortiq toʻlash) yoki qonunda koʻrsatilmagan qoʻshimcha pul toʻlovlari toʻgʻrisidagi talablari, agar ushbu toʻlovlar berilishi jamoa kelishuvi, jamoa shartnomalarida (MKning 12-moddasida koʻrsatilgan mehnat haqidagi boshqa huquqiy hujjatlarda) hamda xodim bilan tuzilgan mehnat shartnomasida koʻzda tutilgan boʻlsa, u qanoatlantirilishi lozim.