Mehnat shartnomasi gʻayriqonuniy ravishda bekor qilingan yoki gʻayriqonuniy ravishda boshqa ishga oʻtkazilgan xodimlarni avvalgi ishiga tiklash toʻgʻrisidagi nizolarni koʻrishda sud mehnat shartnomasini bekor qilishga yoki boshqa ishga oʻtkazishga farmoyish bergan mansabdor shaxsni uchinchi shaxs sifatida javobgar tarafida ishda ishtirok etish uchun oʻz tashabbusi bilan jalb qilishi shart (FPKning 184-moddasi). Mansabdor shaxsni bunday jalb etish ish boʻyicha javobgarning vakili sifatida bayonot berish huquqidan mahrum etmaydi. Ishni koʻrilish vaqti va joyi toʻgʻrisida tegishlicha xabar berilgan mansabdor shaxs sud zaliga uzrsiz sabablarga koʻra kelmasa yoki uning hozir boʻlmaslik sabablari haqida maʼlumot boʻlmagan taqdirda, sud bu shaxsning ishtirokisiz ham ishni koʻrishi mumkin.