Sudlar tomonidan nikohdan ajratishga oid ishlar boʻyicha qonunchilikni qoʻllash amaliyoti toʻgʻrisida 34-band. Oila kodeksining 49-moddasida koʻrsatilgan nikohni haqiqiy emas deb topish asoslari…

Oila kodeksining 49-moddasida koʻrsatilgan nikohni haqiqiy emas deb topish asoslari qatʼiy boʻlib, ularni kengaytirib talqin etishga yoʻl qoʻyilmaydi. Bunday asoslarga quyidagilar kiradi: Oila kodeksining 14 — 16-moddalarida belgilangan shartlar buzilishi; soxta nikoh tuzilishi, yaʼni er-xotin yoki ulardan biri oila qurish maqsadini koʻzlamay nikoh qayd qildirsa; nikohlanuvchi shaxslardan biri tanosil kasalligi yoki odamning immunitet tanqisligi virusi (OIV/OITS kasalligi) borligini ikkinchisidan yashirsa. Jumladan, agar nikohni tuzish vaqtida shaxs oʻz harakati mohiyatini tushunmaganligi va ularni idora qila olmaganligi natijasida nikohga kirishga nisbatan oʻzining haqiqiy roziligini bermaganligi aniqlansa, nikoh OK 14-moddasida nazarda tutilgan shartlar buzilgan degan asos bilan sud tomonidan haqiqiy emas deb topilishi mumkin. Shuni nazarda tutish lozimki, soxta nikoh tuzgan shaxslar ish sud tomonidan koʻrilgunga qadar amalda oila qurgan boʻlsalar, bunday nikoh er-xotin huquqlarini qoʻriqlash maqsadida soxta deb topilishi mumkin emas.