FPKning 71-moddasiga muvofiq, mazkur toifadagi ishlar boʻyicha taraflarning vajlarini asoslayotgan har qanday faktik maʼlumotlar dalil hisoblanadi. Bunday ishlarda: - video va audioyozuvlar, shu jumladan elektron shakldagi fayllar; - Internet tarmogʻi, ijtimoiy tarmoqlar, messenjerlar va boshqa platformalardagi nashrlar mazmunini aks ettiruvchi skrinshot va boshqa raqamli tasvirlar; - veb-saytlar, bloglar, ijtimoiy tarmoq sahifalari, forumlar va boshqa raqamli axborot manbalaridan olingan kontentlar; - maʼlumotlar tarqatilganligi, ularning mazmuni va uchinchi shaxslar tomonidan qabul qilinganligini tasdiqlovchi guvohlar koʻrsatmalari; - maxsus bilim talab etuvchi holatlarda tilshunoslik, axborot texnologiyalari, raqamli izlarni aniqlash, biometriya va boshqa sohalardagi mutaxassis tushuntirishlari yoki ekspertiza xulosalari maqbul dalillar hisoblanadi. “Notariat toʻgʻrisida”gi Qonunning 70²-moddasiga koʻra, notarius guvohlarning koʻrsatmalarini yozib olish, yozma, ashyoviy va raqamli dalillarni koʻzdan kechirish va tasdiqlash, ekspertiza tayinlash, shuningdek, Internet jahon axborot tarmogʻidagi faktlarni tasdiqlash huquqiga ega ekanligidan kelib chiqib, sudlar FPK 75-moddasining beshinchi qismiga muvofiq, notarius tomonidan tasdiqlangan holatlar, agar notarial harakat belgilangan tartibda amalga oshirilgan va uning haqiqiyligi FPKning 235 va 236-moddalarida nazarda tutilgan tartibda rad etilmagan boʻlsa, isbotlashni talab etmasligiga eʼtibor qaratishlari lozim.