Sudlar tomonidan shaxsiy nomulkiy huquqlar va boshqa nomoddiy neʼmatlarni himoya qilish toʻgʻrisidagi qonunchilikni qoʻllash amaliyoti haqida 34-band. FPKning 105 , 106-moddalariga koʻra, agar daʼvoni taʼminlash choralarini koʻrmaslik sud…

FPKning 105 , 106-moddalariga koʻra, agar daʼvoni taʼminlash choralarini koʻrmaslik sud hujjati ijrosini qiyinlashtirsa yoki uni bajarib boʻlmaydigan qilib qoʻysa, sud tarafning iltimosnomasi yoki oʻz tashabbusiga binoan ish mazmunan hal etilgunga qadar daʼvoni taʼminlash choralarini koʻrishi mumkin. Shaxsiy nomulkiy huquqlarni himoya qilish haqidagi ishlarda, FPKning 106-moddasida koʻrsatilgan daʼvoni taʼminlash choralaridan tashqari, raqamli muhit sharoitida bunday choralarga quyidagilar kirishi mumkin: nizoli maʼlumotlarni har qanday shaklda (shu jumladan Internet tarmogʻi va boshqa axborot kanallari orqali) tarqatishni vaqtincha taqiqlash; daʼvogarning huquqlarini buzuvchi maʼlumotlarni oʻz ichiga olgan veb-sahifa, akkaunt yoki boshqa raqamli resursga kirishni toʻsib qoʻyish; shaxsga doir maʼlumotlarni qayta ishlash, saqlash yoki tarqatishni toʻxtatib turish; daʼvo qilinayotgan tasvir, audio, videoyozuv, matn yoki boshqa obyektni oʻz ichiga olgan moddiy tashuvchilarni muhrlash, olib qoʻyish yoki ularga kirishni boshqacha tarzda cheklash.