Voyaga yetmagan bolalar taʼminoti uchun aliment undirish haqida sud buyrugʻini berish toʻgʻrisidagi ariza, shuningdek, voyaga yetmagan va voyaga yetgan mehnatga layoqatsiz, yordamga muhtoj bolalar taʼminoti uchun aliment undirish haqida daʼvo ariza berganlik uchun davlat boji Oʻzbekiston Respublikasining “Davlat boji” toʻgʻrisidagi Qonuni 8-moddasi 2-bandi , shuningdek, FPK 174-moddasining birinchi qismiga muvofiq undirilmaydi. Sudlar aliment miqdorini kamaytirish, aliment toʻlashdan ozod qilish haqidagi daʼvo arizalarini qabul qilishda hamda aliment undirish toʻgʻrisidagi hal qiluv qarori yoki buyruq qabul qilishda davlat daromadiga undiriladigan davlat boji miqdorini belgilashda FPK 129-moddasi talablari va Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2009-yil 24-noyabrdagi “Fuqarolik ishlari boʻyicha sud xarajatlarini undirish amaliyoti toʻgʻrisida”gi 14-sonli qarori tushuntirishlariga (xususan, 21-bandi tushuntirishlarga) asoslanishlari lozim. Aliment undirish toʻgʻrisida sud buyrugʻi berishda, agar qarzdor shu vaqtda ishlamasa yoki uning ish haqi va (yoki) daromadini tasdiqlovchi hujjatlar taqdim qilinmagan boʻlsa, davlat boji qonunchilikda oʻrnatilgan mehnatga haq toʻlashning eng kam miqdoridan kelib chiqib hisoblanadi.