Sudlarga tushuntirilsinki, Oila kodeksining 99-moddasiga muvofiq voyaga yetmagan bolalarga aliment undirishda aliment miqdorini ota-onaning har oydagi ish haqi va (yoki) boshqa daromadining muayyan (1/4, 1/3, 1/2) qismi miqdorida belgilanadi. Ushbu toʻlovlar miqdori taraflarning moddiy yoki oilaviy ahvolini va boshqa eʼtiborga sazovor holatlarni hisobga olgan holda oʻzgartirilishi (kamaytirilishi yoki koʻpaytirilishi) mumkin. Mazkur holatda ham u foizda emas, ish haqi va (yoki) boshqa daromadning muayyan qismi meʼyorida belgilanishi lozim.