Transport harakati va undan foydalanish xavfsizligiga qarshi jinoyatlar bilan bogʻliq ishlar yuzasidan sud amaliyotining ayrim masalalari toʻgʻrisida 11-band. Sudlarga tushuntirilsinki, JK 260, 260 ¹, 262, 263, 263¹ , 266, 268, 269-moddalari…

Sudlarga tushuntirilsinki, JK 260, 260 ¹, 262, 263, 263¹ , 266, 268, 269-moddalari dispozitsiyalarida nazarda tutilgan “odamlar oʻlimi” deganda, harakatlanish yoki transport vositalaridan foydalanish yoxud jinoyat qonunida koʻrsatilgan boshqa qoidalar buzilishi natijasida ikki yoki undan ortiq odam oʻlishini tushunish lozim. “Halokat” deganda, temir yoʻl, dengiz, daryo, havo, jamoat transportidagi (avtobus, trolleybus, tramvay, yoʻnalishli taksi va shu kabilar) oʻnlab odamlar nobud boʻlishi bilan bir qatorda atrof-muhitga hamda odamlar sogʻligʻi yoki hayoti uchun tuzatib boʻlmas darajada ziyon yetkazgan hodisa tushunilishi lozim. “Boshqa ogʻir oqibatlar” deganda, odamlar oʻlimi bilan bir qatorda poyezdlar, kemalar yoki samolyotlar qatnovi uzoq muddatga izdan chiqishi, tevarak-atrofdagi uylar va boshqa inshootlar vayron qilinishi (portlashi, yonib ketishi, qulab tushishi) va h.k.lar tushunilishi lozim. Shuni nazarda tutish lozimki, harakatlanish yoki transport vositalaridan foydalanish qoidalari buzilishi natijasida ikki yoki undan ortiq odamga oʻrtacha ogʻir va/yoki ogʻir shikast yetkazilganligi faktining oʻzi qilmishni “boshqa ogʻir oqibatlar” belgisi boʻyicha kvalifikatsiya qilish uchun asos boʻlmaydi.