Yoʻl-transport hodisasi oqibatida ikki yoki undan ortiq odam jabrlangan (bir paytning oʻzida badanga ogʻir shikast yetkazilgan va odam oʻlimi kelib chiqqan) hollarda, yoʻl harakati qoidalarini buzgan shaxsning harakatlari JK 33-moddasining ikkinchi qismiga muvofiq JK 266-moddasining ogʻirroq javobgarlikni nazarda tutuvchi qismi boʻyicha kvalifikatsiya qilinishi lozim. Yoʻl harakati yoki transport vositalaridan foydalanish qoidalari ehtiyotsizlik oqibatida buzilganligi sababli bir yoʻla bir necha shaxsning badaniga turli darajadagi ogʻirlikda (yengil, oʻrtacha ogʻir yoki ogʻir) shikast yetkazilgan boʻlsa, aybdor shaxs JK 266-moddasining birinchi qismi boʻyicha jinoiy javobgarlikka tortiladi. Bir xil oqibatlar keltirib chiqargan, oʻzaro bogʻliq boʻlmagan yoʻl harakati yoki transport vositalaridan foydalanish qoidalarining bir nechasi buzilganda, aybdorning harakatlari JK 266-moddasining shunday oqibatlarni nazarda tutuvchi tegishli qismi bilan (JK 33-moddasi ikkinchi qismi qoidasiga muvofiq) qamrab olinadi.