Haydovchining yoʻl-transport hodisasi sodir etilishida, jumladan, harakatlanish tezligini oshirganligi natijasida, aybdorligi yoki aybsizligi masalasini hal etishda “Yoʻl harakati qoidalari”ning XI boʻlimi talablaridan kelib chiqish lozim boʻlib, unga koʻra, haydovchi transport vositasini belgilangan cheklangan tezlikdan oshirmasdan harakatning serqatnovligini, transport vositasi va yukning xususiyati hamda holatini, yoʻl va ob-havo sharoitini, xususan, harakatlanish yoʻnalishidagi koʻrinishni hisobga olgan holda boshqarishi kerak. Shu talabdan kelib chiqib, harakatlanish uchun xavf paydo boʻlganda, agar haydovchida buni payqashi imkoniyati boʻlsa, u transport vositasini toʻxtatish darajasigacha tezlikni kamaytirish choralarini koʻrishi kerak. JK 266-moddasi boʻyicha jinoiy javobgarlik, faqat, haydovchida yoʻl-transport hodisasining oldini olish uchun texnik imkoniyat mavjud boʻlganda va uning huquqqa xilof xatti-harakatlari bilan kelib chiqqan oqibatlar oʻrtasida sababiy bogʻlanish mavjudligi aniqlangan taqdirda kelib chiqadi.