Transport harakati va undan foydalanish xavfsizligiga qarshi jinoyatlar bilan bogʻliq ishlar yuzasidan sud amaliyotining ayrim masalalari toʻgʻrisida 17-band. Sudlarga tushuntirilsinki, yoʻl-transport hodisasini sodir etishda aybdor va…

Sudlarga tushuntirilsinki, yoʻl-transport hodisasini sodir etishda aybdor va jabrlanuvchini, uning hayoti yoki sogʻligʻi xavf ostida qolganligini bila turib, yordamsiz qoldirgan haydovchi JK 266 va 117-moddalarining tegishli qismlarida nazarda tutilgan jinoyatlar majmui boʻyicha javobgarlikka tortilishi lozim. Agar haydovchi yoʻl-transport hodisasini sodir etishda aybdor boʻlmasa, biroq, jabrlanuvchining hayoti yoki sogʻligʻi uning ishtirokida sodir etilgan yoʻl-transport hodisasi oqibatida xavf ostida qoldirilgan boʻlsa, haydovchi tomonidan jabrlanuvchiga yordam koʻrsatishga doir “Yoʻl harakati qoidalari”ning 13-bandida belgilangan majburiyatlarni bajarilmaganligi JK 117-moddasining tegishli qismi boʻyicha javobgarlikka sabab boʻladi. Hayoti yoki sogʻligʻi xavf ostida qolgan shaxsga bila turib yordam koʻrsatmaslik deganda, transport vositasi haydovchisi jabrlanuvchi yoshligi, keksaligi, kasalligi yoki ojiz ahvolda boʻlganligi sababli mustaqil ravishda tibbiy yordam soʻrash imkoniyatiga ega emasligini, uning hayoti yoki sogʻligʻi uchun xavf mavjudligini anglagan, biroq unga zarur yordam koʻrsatmagan (masalan, haydovchi hodisa joyidan yashiringan, birinchi tibbiy yordam koʻrsatmagan, tez tibbiy yordam chaqirmagan, jabrlanuvchini yaqin oradagi davolash muassasasiga olib bormagan va shu kabi) hollar tushunilishi lozim. Hayoti yoki sogʻligʻi xavf ostida qolgan jabrlanuvchiga bila turib yordam koʻrsatmaslik motivlari, shuningdek, haydovchining boshqa shaxslar tomonidan yordam koʻrsatilishi mumkinligi haqidagi vajlari aybdorning harakatlarini kvalifikatsiya qilishga taʼsir etmaydi.