Uyushgan guruh deganida transport vositalarini olib qochish yoki boshqa jinoyatlarni sodir etish maqsadida ikki yoki undan koʻp shaxslarning barqaror birlashmasi tushunilishi kerak. Jumladan, jinoiy faoliyatning oldindan rejalashtirilganligi, jinoiy qasdni amalga oshirish uchun zarur boʻlgan vositalarning tayyorlanishi, ishtirokchilarni tanlash, yollash va ular oʻrtasida vazifalarning taqsimlanishi, jinoyatni yashirish choralarini taʼminlash, guruhda oʻrnatilgan intizomga va tashkilotchining koʻrsatmalariga boʻysunishlik jinoiy guruhning uyushganligidan dalolat beradi. Ayblash fikrida va sud hukmida aynan qanday asoslarga koʻra jinoiy guruh uyushgan deb topilganligi koʻrsatilgan boʻlishi shart. Uyushgan guruh tarkibida transport vositasini olib qochgan shaxslarning harakatlari, ulardan har birining rolidan qatʼiy nazar, hamijrochi deb baholanishi va JK 267-moddasi uchinchi qismining “b” bandi bilan JK 28-moddasiga havola etilmagan holda kvalifikatsiya qilinishi lozim.