Sud xizmat turar-joylaridan koʻchirib chiqarish toʻgʻrisidagi ishlarni koʻrishda, avvalo, nizoli turar-joy xizmat turar-joyi maqomiga ega ekanligini aniqlashi lozim. Bunda shuni nazarda tutish lozimki, munitsipal, idoraviy uy-joy fondi yoki aniq maqsadli kommunal uy-joy fondining uylarida joylashgan, oʻz mehnat munosabatlari xususiyatiga koʻra ish joyiga bevosita yaqin yerda yashashi kerak boʻlgan fuqarolar koʻchib kirishiga moʻljallangan turar-joy boʻlib, koʻchirilishi lozim boʻlgan fuqaro xizmat vazifasini bajarishi sababli olganligi va uy-joy berilayotgan vaqtda egallab turgan lavozimi boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilangan xizmat turar-joylari olish huquqiga ega boʻlgan xodimlar roʻyxatida koʻrsatilgan xizmatchilar toifasiga tegishli boʻlganligini eʼtiborga olib daʼvoni hal etish lozim boʻladi. Munitsipal, idoraviy uy-joy fondi yoki aniq maqsadli kommunal uy-joy fondiga qarashli boʻlgan turar-joyga xizmat turar-joylari olish huquqiga ega boʻlgan xodimlar roʻyxatiga kirmaydigan shaxs berilgan hujjat (order) asosida joylashtirilgan boʻlsa, mazkur hujjat (order) haqiqiy emas deb topiladi va javobgar Oʻzbekiston Respublikasi Uy-joy kodeksining 47-moddasi talabiga muvofiq turar-joydan koʻchiriladi.