Sud yotoqxonalardan koʻchirish toʻgʻrisidagi nizolarni hal etishda javobgar egallab turgan xona yotoqxona maqomiga ega ekanligini tekshirishi zarur. Sud, xizmat lavozimi bilan bogʻliq ravishda berilgan yotoqxonadan koʻchirishda daʼvogar va javobgar oʻrtasida qanday mehnat shartnomasi tuzilganligi va u qanday asoslarga koʻra bekor qilinganligini aniqlashi zarur. Bunda, sudlar, shuni nazarda tutishlari lozimki, Oʻzbekiston Respublikasi Uy-joy kodeksining 85-moddasiga muvofiq ishni tugatgan mavsumiy-vaqtinchalik ishchilar, muddatli mehnat shartnomasi boʻyicha ishlovchilar, shuningdek, uzrsiz sabablarga koʻra oʻz ixtiyori bilan yoki mehnat intizomini buzganligi sababli yoki jinoyat sodir etganligi sababli mehnat shartnomasi bekor boʻlib ishdan boʻshaganlar hamda oʻquv yurtida oʻqishni tugatganlar, oʻquv yurti talabasi safidan chiqarilganlar boshqa turar-joy berilmasdan koʻchirilishi lozim. Boshqa asoslar boʻyicha mehnat munosabatlarini toʻxtatgan shaxslar, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Uy-joy kodeksining 80-moddasida qayd etilgan shaxslar, faqat, Uy-joy kodeksining 9-moddasi talablariga javob beradigan boshqa uy ajratilgan holda yotoqxonadan koʻchirilishlari mumkin. Agarda yotoqxonadan joy ajratish mumkin boʻlmagan fuqaroga yotoqxona berilgan boʻlsa, bunday shaxsni koʻchirish toʻgʻrisida daʼvo taqdim qilinganda Oʻzbekiston Respublikasi Uy-joy kodeksining 46-moddasiga muvofiq yotoqxonadan joy berish toʻgʻrisidagi hujjat (order)ni haqiqiy emas deb topish masalasi hal etilishi lozim. Bunda sudlar Uy-joy kodeksining 47-moddasida koʻzda tutilgan qoidalar qoʻllanilishini eʼtiborga olishlari zarur.