Ulushli mulkdagi uy-joylarni boʻlishda mulkdorlar oʻzaro kelisha olmagandagina sud tartibida hal qilinadi. Ulushli yoki umumiy mulkda boʻlgan uy-joylarni boʻlishda sudlar, nizoli uy-joyda mavjud boʻlgan xonalar va foydalanishda boʻlgan umumiy maydonni hisobga olib, hissa boʻyicha teng yoki hissadan uncha koʻp, uncha kam boʻlmagan holda boʻlishni, yoxud ayrim xonalarni qayta qurish hisobidan uy-joyni boʻlish imkoniyati mavjudligi toʻgʻrisida tegishli ekspertiza xulosalarini inobatga olishlari zarur. Sud bunday mulkdagi uy-joylarni boʻlishda taraflarga ajratilgan barcha xona hamda qoʻshimcha va yordamchi imoratlarni oʻz qarorida aniq koʻrsatishi lozim. Ulushli mulkdagi turar-joy mulkdorlariga ularning ulushini asl holda ajratib berish oʻrniga kompensatsiya toʻlanishiga ularning roziligi bilan yoʻl qoʻyiladi. Mulkdorning turar-joydagi ulushi boshqa mulkdorlarning ulushidan ancha kam boʻlsa, ulushlarga teng taqsimlashning imkoni boʻlmasa, mulkdor nizoli uyda yashamayotgan boʻlsa, u boshqa uy-joy bilan taʼminlangan boʻlsa, mulkdan foydalanishda katta manfaatga ega boʻlmagan hollarda sud ushbu mulkdor rozilik bermagan taqdirda ham ulushli mulkning qolgan ishtirokchilari zimmasiga mazkur mulkdorga kompensatsiya toʻlash majburiyatini yuklashi mumkin. Umumiy foydalanishdagi turar-joyni ishtirokchilar oʻrtasida ularning ulushlariga mos ravishda boʻlishda alohida yashash xonasidan tashqari yordamchi xonalar, alohida kirish-chiqish yoʻllari mavjud boʻlganda yoki uy-joyning bir qismini tegishlicha qayta jihozlash yoʻli bilan ajratish imkoniyati mavjud boʻlgan taqdirdagina daʼvo qanoatlantirilishi lozim. Bunday imkoniyat boʻlmagan taqdirda, sud daʼvogarning iltimosiga koʻra, taraflarga turar-joydan foydalanish tartibini belgilab berishi yoki ushbu turar-joyni taraflar tegishli tartibda almashtirish yoxud ikkinchi tarafga hissasiga teng boshqa turar-joy olib berish huquqiga ega ekanliklarini tushuntirishi lozim.