Valyuta qimmatliklarini qonunga xilof ravishda olish yoki oʻtkazishga doir ishlar yuzasidan sud amaliyoti toʻgʻrisida 14-band. Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat-protsessual kodeksining 405¹⁰ , 471-moddalariga muvofiq…

Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat-protsessual kodeksining 405¹⁰ , 471-moddalariga muvofiq, hukm chiqarilganda va jinoyat ishini harakatdan tugatish haqida ajrim qabul qilinganida sudlar ishga qoʻshilgan ashyoviy dalillar masalasini hal etishlari shart. Bunda shuni nazarda tutish kerakki, egasining yoki foydalanuvchining tasarrufidan gʻayriqonuniy ravishda olib qoʻyilgan valyuta qimmatliklari, qonunda nazarda tutilgan holatlardan tashqari tegishliligi boʻyicha qaytarilishi lozim. Egasining xohishi bilan jinoiy bitimning obyekti boʻlgan valyuta qimmatliklari, ularning egasi qaysidir asoslarga koʻra jinoiy javobgarlikka tortilmagan taqdirda ham davlat daromadlari hisobiga oʻtkazilishi kerak. Valyuta qimmatliklarini qonunga xilof ravishda olish yoki oʻtkazish orqali orttirilgan pul va boshqa qimmatliklar davlat daromadlari hisobiga oʻtkaziladi. Agar jinoiy yoʻl bilan orttirilgan pul yoki boshqa qimmatliklar topilmasa, olingan summa yoxud qimmatliklarning qiymati davlat foydasiga undiriladi.