Yarashuv toʻgʻrisidagi qonun normalari qoʻllanilishining tezkorligini taʼminlash va kafolatlash gumon qilinuvchi, ayblanuvchi, sudlanuvchi va jabrlanuvchi (fuqaroviy daʼvogar)ning huquqlarini muhofaza etish maqsadida yarashuv toʻgʻrisidagi ish boʻyicha qaror chiqarish va sudga yuborish uchun qonunda oʻn sutkalik muddat belgilangan. Tushuntirilsinki, ushbu muddatlar jabrlanuvchi (fuqaroviy daʼvogar) tomonidan ariza berilgan kundan boshlab hisoblanadi. Basharti, ariza jinoyat ishi qoʻzgʻatilgunga qadar berilgan boʻlsa, unda bu muddat jinoyat ishining qoʻzgʻatilgan kunidan boshlanadi. Bordiyu, ariza berilgan vaqtda jinoyat ishi boʻyicha qilmishning Jinoyat kodeksi 66¹-moddasida koʻrsatib oʻtilgan jinoyat tarkiblaridan birini tashkil etish-etmaslik masalasi hal qilinmagan boʻlsa, arizaning koʻrib chiqish muddati qilmishning kvalifikatsiya qilish uchun yetarli asoslar toʻplangan vaqtdan boshlab hisoblanadi. Shuningdek, yarashuv toʻgʻrisidagi ishlar boʻyicha sud muhokamasi jinoyat ishi sudga kelgan paytdan eʼtiboran oʻn sutkadan kechiktirilmay oʻtkaziladi. Yarashuv toʻgʻrisidagi ariza sud majlisida berilgan hollarda, bu masala sud majlisida darhol hal etilishi lozimligi sudlarga uqtirilsin. Sudlar surishtiruvchi, tergovchi yoki prokuror tomonidan ishni sudga yuborish muddatlari buzilishiga nisbatan murosasiz boʻlishlari va buning oldini olish maqsadida xususiy ajrimlar chiqarishlari lozim.