Yuridik ahamiyatga ega boʻlgan faktlarni aniqlash haqidagi ishlar boʻyicha sud amaliyoti toʻgʻrisida 7-band. FPK 295-moddasi ikkinchi qismining 1-bandiga koʻra, qarindoshlik munosabatlari deganda…

FPK 295-moddasi ikkinchi qismining 1-bandiga koʻra, qarindoshlik munosabatlari deganda bir-biridan kelib chiqqan odamlar oʻrtasida mavjud boʻlgan qon-qarindoshlikka bogʻliqlik (katta bobo, bobo, ota, oʻgʻil, nevara, chevara, katta buvi va boshqalar) yoki bitta umumiy ajdoddan kelib chiqqanlar (akalar-ukalar, opa-singillar, togʻa, amaki, amma, xola, jiyanlar va boshqalar) nazarda tutilganligi sudlarga tushuntirilsin. Qon-qarindoshlikning yoʻqligi qarindoshlikning yoʻqligidan dalolat beradi. Qarindoshlik munosabatlari sud tartibida bevosita yuridik oqibatlarni keltirib chiqarsagina, masalan, agar bunday faktni aniqlash arizachiga merosga boʻlgan huquq toʻgʻrisidagi guvohnoma olish, boquvchisini yoʻqotganligi munosabati bilan nafaqa rasmiylashtirish uchun va boshqa hollarda zarur boʻlsa aniqlanadi. Merosga boʻlgan huquq toʻgʻrisidagi guvohnomani olish maqsadida qarindoshlik munosabatlari faktini aniqlashda, sudlar vorislik huquqini tartibga soluvchi fuqarolik qonunchiligida belgilangan qarindoshlik doirasidan kelib chiqishlari lozim. Oʻzbekiston Respublikasidan tashqarida doimiy yashagan meros qoldiruvchilar bilan qarindoshlik munosabatlari faktini aniqlashda, sud vorislik munosabatlari va vorislar doirasini belgilashda, meros qoldiruvchining oxirgi doimiy yashash joyidagi mamlakatning qonunchiligiga amal qilishi lozim. Boquvchisini yoʻqotganlik munosabati bilan pensiyani rasmiylashtirish maqsadida qarindoshlik munosabatlari faktini aniqlashda, pensiya qonunchiligida nazarda tutilgan va kengaytirilgan talqinga yoʻl qoʻyilmaydigan oʻlganning oila aʼzolari doirasidan kelib chiqilmogʻi lozim.