Sudning qonuniy kuchga kirgan hukmlari, hal qiluv qarorlari, ajrimlari va qarorlariga nisbatan protest keltirish huquqiga quyidagilar egadir: Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokurori va uning oʻrinbosarlari — Oʻzbekiston Respublikasidagi sudlarning hukmlari, hal qiluv qarorlari, ajrimlari va qarorlariga nisbatan, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi va Oliy xoʻjalik sudi Plenumlarining qarorlari bundan mustasno; Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar, Toshkent shahri prokurorlari va ularga tenglashtirilgan prokurorlar — tuman (shahar) sudining hukmlari, hal qiluv qarorlari, ajrimlari va qarorlariga nisbatan; Qoraqalpogʻiston Respublikasi Oliy Sudi, viloyatlar sudlari, Toshkent shahar sudi sud hayʼatlari ishni kassatsiya tartibida qarab chiqib, qabul qilgan ajrimlariga, shuningdek Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar xoʻjalik sudlarining qarorlariga nisbatan. Sudning maʼmuriy huquqbuzarlikka doir ish yuzasidan chiqargan qaroriga nisbatan rayon, shahar va yuqori pogʻonadagi prokurorlar hamda ularning oʻrinbosarlari tomonidan protest keltirilishi mumkin.