Vakolatli davlat organining mansabdor shaxslari raqobat toʻgʻrisidagi qonunchilikka rioya etilishi ustidan nazoratni amalga oshirish, raqobat toʻgʻrisidagi qonunchilik buzilganligi haqidagi arizalar va ishlarni koʻrib chiqish, shuningdek raqobatning holatini aniqlash uchun respublika ijro etuvchi hokimiyat organlaridan va boshqa tashkilotlardan, xoʻjalik yurituvchi subyektlardan, yuridik shaxslarning birlashmalaridan hamda jismoniy shaxslardan qonunchilikda belgilangan tartibda ularning hujjatlarini va axborotini olish hamda ularning hududiga kirish huquqiga ega. Bunda talab qilib olingan hujjat, axborot va maʼlumotlar vakolatli davlat organiga bepul taqdim etiladi. Vakolatli davlat organi axborotni savdolar oʻtkazish vakolatiga ega boʻlgan xoʻjalik yurituvchi subyektlarning va yuridik shaxslar birlashmalarining elektron maʼlumotlar bazalariga integratsiyalashish orqali real vaqt rejimida olishga haqli. Vakolatli davlat organi ushbu Qonunga muvofiq oʻziga berilgan vakolatlarni amalga oshirishi munosabati bilan maʼlum boʻlib qolgan tijorat sirini yoki qonun bilan qoʻriqlanadigan boshqa sirni tashkil etuvchi maʼlumotlarni va shaxsga doir maʼlumotlarni oshkor qilishga haqli emas.