Vakolatli davlat organi raqobat toʻgʻrisidagi qonunchilik buzilganligi haqidagi ishni mohiyatiga koʻra koʻrib chiqish natijalari boʻyicha quyidagilar haqida qaror qabul qiladi: raqobat toʻgʻrisidagi qonunchilik buzilganligi fakti aniqlanganligi va tegishli huquqiy taʼsir choralari koʻrilishi haqida; ish yuritishni tugatish toʻgʻrisida. Vakolatli davlat organi: raqobat toʻgʻrisidagi qonunchilik buzilganligi faktlari tasdiqlanmagan; oʻziga nisbatan ish yuritilayotgan yuridik shaxs tugatilgan yoki jismoniy shaxs vafot etgan; raqobat toʻgʻrisidagi qonunchilik buzilishi oʻziga nisbatan ish qoʻzgʻatilgan xoʻjalik yurituvchi subyekt, respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari va boshqa tashkilotlar, yuridik shaxslarning birlashmalari tomonidan ixtiyoriy ravishda bartaraf etilgan; vakolatli davlat organi koʻrib chiqayotgan raqobat toʻgʻrisidagi qonunchilik buzilganligi haqidagi ish yuzasidan sud tomonidan qaror qabul qilingan taqdirda, raqobat toʻgʻrisidagi qonunchilik buzilganligi haqidagi ishni yuritishni tugatadi. Vakolatli davlat organining raqobat toʻgʻrisidagi qonunchilik buzilganligi haqidagi ish yuzasidan qarori darhol eʼlon qilinishi kerak. Oʻziga nisbatan qaror qabul qilingan shaxsga vakolatli davlat organining raqobat toʻgʻrisidagi qonunchilik buzilganligi haqidagi ish yuzasidan qaroriga asosan koʻrsatma beriladi.