Raqobat sohasidagi davlat siyosatining asosiy yoʻnalishlari quyidagilardan iborat: isteʼmolchilarning huquqlari va qonuniy manfaatlari ustuvorligini inobatga olgan holda raqobatni himoya qilish, raqobatga qarshi harakatlarning oldini olish va ularni toʻxtatish; jamiyatda raqobatga qarshi har qanday xatti-harakatlarga nisbatan murosasizlikni shakllantirish; raqobat muhitini rivojlantirish hamda tovar va moliya bozorlarining samarali faoliyat koʻrsatishi uchun shart-sharoitlar yaratish; tovar va moliya bozorlari ishtirokchilarining iqtisodiy faoliyati erkinligini hamda tovarlarning erkin harakatlanishini taʼminlash; tabiiy monopoliyalar subyektlari faoliyatni amalga oshiradigan sohalarda raqobat muhitini shakllantirish; tovar va moliya bozorlarining ishtirokchilari uchun teng shart-sharoitlarni belgilash hamda davlatning iqtisodiyotdagi ishtirokini qisqartirish; raqobat muhitini yaxshilash va rivojlantirish uchun respublika ijro etuvchi hokimiyat organlarining javobgarligini oshirish.