Reklama toʻgʻrisida 45-modda. Xalq tabobati tovarlari reklamasi

Xalq tabobati tovarlari reklamasi: xalq tabobati tovarlarini qoʻllash natijasida kasalliklardan tuzalganlikning, inson sogʻligʻi holati yaxshilanganligining muayyan hollariga havolalarni oʻz ichiga olmasligi; shifokorga murojaat etish kerak emasligi toʻgʻrisida taassurot uygʻotmasligi; xalq tabobati tovarlarini dori vositalari, ovqatga qoʻshiladigan biologik faol qoʻshimchalar va oziq-ovqat qoʻshimchalari sifatida taqdim etmasligi; sogʻlom odamda xalq tabobati tovarlarini qoʻllash zarurligi toʻgʻrisida taassurot uygʻotmasligi; voyaga yetmaganlarga qaratilmasligi; xalq tabobati tovarlarini davlat roʻyxatidan oʻtkazish uchun majburiy boʻlgan tadqiqotlar olib borilganligi faktiga havola qilish yoʻli bilan xalq tabobati tovarlarining afzalliklari toʻgʻrisida tasavvur hosil qilmasligi; reklamadan foydalanuvchilarning sogʻligʻida muammolar va (yoki) kasalliklari mavjudligi haqidagi taʼkidlarni oʻz ichiga olmasligi; xalq tabobati tovarlarining ijobiy taʼsirini, xavfsizligini, samaradorligini va nojoʻya taʼsirlari mavjud emasligini kafolatlamasligi; xalq tabobati tovarlarining xavfsizligi va (yoki) samaradorligi ularning tabiiy kelib chiqishi bilan kafolatlanganligi toʻgʻrisidagi taʼkidlarni oʻz ichiga olmasligi kerak. Xalq tabobati tovarlari reklamasi har bir holda ularni qoʻllashga va ulardan foydalanishga qarshi koʻrsatmalar mavjudligi, qoʻllashga doir yoʻriqnoma bilan tanishish yoki mutaxassislardan maslahatlar olish zarurligi toʻgʻrisidagi ogohlantirish bilan birga berilishi kerak. Xalq tabobati yoʻnalishida ruxsat etilmagan usullarni qoʻllagan holda fuqarolarga tibbiy tashxis qoʻyish va ularni davolash xizmatlarini reklama qilish taqiqlanadi. Xalq tabobati tovarlari reklamasi boʻyicha ragʻbatlantiruvchi aksiyalarni oʻtkazish taqiqlanadi.