Saylov kodeksi 41-modda. Nomzodlar va siyosiy partiyalar faoliyatining kafolatlari

Roʻyxatga olingan barcha nomzodlar, saylovda ishtirok etuvchi siyosiy partiyalar teng huquqlarga ega boʻladi. Nomzodlar, siyosiy partiyalarning vakillari saylovchilar bilan uchrashuvlar oʻtkazish, saylovoldi yigʻilishlarida, televideniye va radio orqali soʻzga chiqish davrida ishlab chiqarish yoki xizmat vazifalarini bajarishdan oʻrtacha oylik ish haqi saqlangan holda ozod boʻlish huquqiga ega. Nomzodlar roʻyxatga olinganidan keyin saylov okrugi doirasida, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzodlar esa Oʻzbekiston Respublikasi hududi doirasida davlat yoʻlovchilar transportining barcha turlarida (bundan shahar yoʻlovchi transporti, taksi va boshqa transport turlarining buyurtma yoʻnalishlari mustasno) tekinga yurish huquqiga ega. Saylov okrugidan tashqarida yashovchi deputatlikka nomzod saylov okrugiga borish va yashash joyiga qaytish uchun ularda tekinga yurish huquqidan foydalanadi. Nomzodlarning xizmat safari va boshqa xarajatlari saylovni oʻtkazish uchun ajratilgan mablagʻlar hisobidan toʻlanadi. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzodlar Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokurorining roziligisiz jinoiy javobgarlikka tortilishi, hibsga olinishi yoki ularga nisbatan sud tartibida beriladigan maʼmuriy jazo choralari qoʻllanilishi mumkin emas. Bunday rozilik berilgan taqdirda, Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokurori Markaziy saylov komissiyasini bu haqda darhol xabardor etadi. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzodlarni majburiy keltirishga, xuddi shuningdek ularning shaxsiy buyumlarini, yukini, transportini, turar joyi va xizmat xonalarini koʻzdan kechirishga yoʻl qoʻyilmaydi.