Tashviqot olib borilayotganda davlat ommaviy axborot vositalaridan foydalanishda hajmiga koʻra bir xil boʻlgan efir vaqtini va nashr maydonini bepul berish yoʻli bilan teng sharoitlar taʼminlanadi. Davlat ommaviy axborot vositalarida haq evaziga ham efir vaqti yoki nashr maydoni ajratilishi mumkin. Nodavlat ommaviy axborot vositalarida qonunchilikka muvofiq efir vaqti yoki nashr maydoni ajratilishi mumkin. Ommaviy axborot vositalari tomonidan efir vaqti, nashr maydoni uchun belgilanadigan haq toʻlash shartlari hamda boshqa talablar barcha uchun teng va bir xil boʻlishi kerak. Tashviqot maqsadida ommaviy axborot vositalaridan bepul foydalanish tartibi, hajmi va vaqti siyosiy partiyalarning fikrini inobatga olgan holda tegishli saylov komissiyasi tomonidan belgilanadi.