Saylov kodeksi 51-modda. Ovoz berish vaqti va joyi

Ovoz berish saylov kuni soat 8.00 dan 20.00 gacha oʻtkaziladi. Ovoz berish vaqti va joyi toʻgʻrisida uchastka saylov komissiyasi saylovchilarni saylovdan kamida oʻn kun oldin xabardor qiladi. Oʻzbekiston Respublikasining chet davlatlardagi diplomatik va boshqa vakolatxonalari huzurida tuzilgan saylov uchastkalarida ovoz berish saylov kuni ushbu saylov uchastkalari joylashgan yerdagi mahalliy vaqt bilan soat 8.00 dan 20.00 gacha oʻtkaziladi. Oʻzbekiston Respublikasining chet davlatlardagi diplomatik va boshqa vakolatxonalari huzurida, harbiy qismlarda, sanatoriylarda, dam olish uylarida, kasalxonalar va boshqa statsionar davolash muassasalarida, olis va borish qiyin boʻlgan hududlardagi fuqarolar turgan joylarda, qamoqda saqlash va ozodlikdan mahrum etish joylarida tuzilgan saylov uchastkalarida uchastka saylov komissiyasi, agar roʻyxatga kiritilgan barcha fuqarolar ovoz berib boʻlgan boʻlsa, ovoz berish tugaganligini istalgan vaqtda eʼlon qilishi mumkin. Oʻzbekiston Respublikasi hududida joylashgan saylov uchastkalarida saylov qutilarini soat 20.00 dan oldin ochish va ovozlarni sanab chiqishga yoʻl qoʻyilmaydi.