Saylov kodeksi 54-modda. Uchastka saylov komissiyasining ovoz berish kunidagi faoliyati

Ovoz berish kuni saylov uchastkasida soat 8.00 da Oʻzbekiston Respublikasining Davlat madhiyasi yangraydi. Uchastka saylov komissiyasining raisi komissiya aʼzolari, kuzatuvchilar, ommaviy axborot vositalari vakillari hozirligida: ovoz berish boshlanganligini eʼlon qiladi; saylov qutilarining boʻshligini tekshiradi va ularni bir marotaba ishlatiladigan plastmassa plombalar bilan plombalaydi, plombalar raqami koʻrsatilgan holda dalolatnoma tuziladi; uchastkadagi roʻyxat boʻyicha saylovchilarning soni, olingan saylov byulletenlari soni hamda muddatidan oldin ovoz berganlar haqida maʼlum qiladi. Ushbu maʼlumotlar yakuniy bayonnomaga kiritiladi; ovoz berishni tashkil etish va oʻtkazishni muvofiqlashtirib boradi hamda nazorat qiladi, zarurat boʻlganda komissiya aʼzolariga yordam koʻrsatadi, ular vaqtinchalik yoʻq boʻlgan hollarda ularni boshqa aʼzolar bilan almashtiradi; ovoz berish tugallanganligini eʼlon qiladi; binoda hozir boʻlgan saylovchilarga ovoz berishni tugallashi uchun imkoniyat beradi. Uchastka saylov komissiyasining aʼzolari: saylovchining shaxsini tasdiqlovchi hujjati asosida uning saylovchilar roʻyxatidagi maʼlumotlarini tekshiradi, unga ovoz berish uchun saylov byulletenini imzo qoʻydirib topshiradi; kuzatuvchilarga va ommaviy axborot vositalari vakillariga saylov jarayonini kuzatish uchun shart-sharoitlar yaratadi.