Siyosiy partiya saylov kampaniyasi boshlanganligi eʼlon qilingan kundan kamida toʻrt oy oldin Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan roʻyxatga olingan va oʻzining saylovda ishtirok etishini qoʻllab-quvvatlovchi kamida qirq ming saylovchining imzosini toʻplagan taqdirdagina deputatlikka nomzodlar koʻrsatishi mumkin. Belgilangan namunadagi imzo varaqalarining blankalari saylov kampaniyasi boshlanganligi eʼlon qilingandan keyin Markaziy saylov komissiyasi tomonidan beriladi. Bitta maʼmuriy-hududiy tuzilmada (Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyat, Toshkent shahri) siyosiy partiya qirq ming saylovchining koʻpi bilan sakkiz foizi imzosini toʻplashi mumkin.