Saylov kodeksi 69-modda. Saylovda ishtirok etish uchun siyosiy partiyalar tomonidan taqdim etiladigan hujjatlar

Deputatlikka nomzodlar koʻrsatish uchun siyosiy partiya saylovga kamida yetmish kun qolganida Markaziy saylov komissiyasiga quyidagi hujjatlarni taqdim etishi kerak: saylovda ishtirok etish toʻgʻrisida partiya rahbari tomonidan imzolangan ariza; Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligining siyosiy partiya saylov kampaniyasi boshlanganligi eʼlon qilingan kundan kamida toʻrt oy oldin roʻyxatga olinganligini tasdiqlovchi maʼlumotnomasi; imzo varaqalari. Ushbu moddaning birinchi qismida koʻrsatilgan hujjatlar taqdim etilgach, Markaziy saylov komissiyasi siyosiy partiyaning vakolatli vakiliga hujjat qabul qilib olingan sana va vaqt qayd etilgan maʼlumotnoma beradi. Markaziy saylov komissiyasi taqdim etilgan hujjatlar asosida besh kunlik muddat ichida siyosiy partiyaning saylovda ishtirok etishiga ijozat berish toʻgʻrisida qaror qabul qiladi. Saylovda ishtirok etuvchi partiyalar roʻyxati arizalarning kelib tushishi navbati tartibida markaziy matbuotda eʼlon qilinadi.