Saylov kodeksi 99-modda. Saylov komissiyalarini moliyalashtirish

Markaziy saylov komissiyasini, hududiy, tuman, shahar saylov komissiyalarini, okrug va uchastka saylov komissiyalarini saylovga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish boʻyicha moliyalashtirish Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjetidan amalga oshiriladi. Markaziy saylov komissiyasini moliyalashtirish Oʻzbekiston Respublikasining Davlat budjetida alohida satrda nazarda tutiladi. Saylov komissiyalari ishiga jalb etiladigan shaxslarning mehnatiga haq toʻlash saylovni oʻtkazish uchun ajratilgan mablagʻlar hisobidan amalga oshiriladi. Saylov komissiyalarining aʼzolariga saylovga tayyorgarlik koʻrish hamda uni oʻtkazishga doir xarajatlar smetasida koʻrsatilgan miqdorda transport, ovqatlanish xarajatlarining va boshqa xarajatlarning oʻrnini qoplash maqsadida kompensatsiya toʻlanadi. Saylov komissiyasining doimiy ish joyiga ega boʻlmagan aʼzolariga, shu jumladan pensionerlarga mehnatga haq toʻlashning yagona tarif setkasiga muvofiq ish haqi toʻlanadi.