Mualliflik nazorati ishlab chiquvchi tomonidan shartnoma asosida obyektni qurishning (rekonstruksiya qilishning) butun davri davomida amalga oshiriladi. Ishlab chiquvchi mualliflik nazoratini amalga oshirish boʻyicha oʻz vakolatlarini shartnoma asosida boshqa ishlab chiquvchiga, bu haqda buyurtmachini xabardor qilgan holda, topshirish huquqiga ega. Mualliflik nazorati boʻyicha mutaxassis qonun hujjatlarida belgilangan tartibda sertifikatlashtirilgan boʻlishi kerak. Mualliflik nazorati boʻyicha mutaxassis: qurilish-montaj ishlarining tasdiqlangan shaharsozlik hujjatlarida qabul qilingan loyiha yechimlariga muvofiq bajarilishini nazorat qiladi; yashirin ishlarni koʻrikdan oʻtkazish va muhim konstruksiyalarni oraliq qabul qilish toʻgʻrisidagi dalolatnomalarni rasmiylashtirishda qatnashadi; mualliflik nazorati jurnali toʻgʻri yuritilishini taʼminlaydi va mualliflik nazorati jurnaliga tasdiqlangan shaharsozlik hujjatlaridan chetga chiqishlar toʻgʻrisidagi yozuvlarni kiritadi, ular buyurtmachi va pudratchi tomonidan bajarilishi majburiydir; tasdiqlangan shaharsozlik hujjatlaridan konstruksiyalarning ishonchliligiga hamda binolar va inshootlarning zilzilabardoshliligiga taʼsir koʻrsatuvchi, shuningdek inson hayoti va sogʻligʻiga tahdid soluvchi chetga chiqishlar aniqlanganda, buyurtmachini hamda hududiy inspeksiyani taʼsirchan choralar koʻrish uchun xabardor qilgan holda, qurilish-montaj ishlarini toʻxtatib turadi; qurilish obyektining tasdiqlangan shaharsozlik hujjatlariga muvofiqligi uchun javobgar boʻladi. Obyektni qurish (rekonstruksiya qilish) tugallangandan soʻng mualliflik nazorati boʻyicha mutaxassis buyurtmachiga bajarilgan qurilish-montaj ishlarining shaharsozlik hujjatlariga muvofiqligi toʻgʻrisida xulosa beradi. Mualliflik nazorati boʻyicha mutaxassis qonun hujjatlariga muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.