Shaharsozlik kodeksi 68-modda. Rekreatsiya zonalari

Rekreatsiya zonalari turizmni va aholining ommaviy dam olishini tashkil etish uchun moʻljallangan boʻlib, koʻkalamzorlar hududlari va obyektlari (shahar oʻrmonlari, oʻrmon-bogʻlar, istirohat bogʻlari, xiyobonlar, bogʻlar, sayilgohlar), hayvonot bogʻlari, hovuzlar, plyajlar, sohilboʻyi obyektlari va boshqa obyektlarni oʻz ichiga oladi. Rekreatsiya zonalarining hududlarida rekreatsiya-sogʻlomlashtirish maqsadlariga moʻljallangan obyektlardan foydalanish bilan bevosita bogʻliq boʻlmagan mavjud sanoat, kommunal, omborxona obyektlari qurilishiga va kengaytirilishiga yoʻl qoʻyilmaydi.