Shaharsozlik kodeksi 77-modda. Tabiiy va texnogen xususiyatga ega favqulodda vaziyatlar taʼsiriga duchor boʻlgan hududlarda shaharsozlik faoliyatini alohida tartibga solish

Yoʻl qoʻyiladigan eng yuqori konsentratsiyalardan ortiqcha kimyoviy va (yoki) biologik moddalar, zararli mikroorganizmlar bilan, yoʻl qoʻyiladigan eng yuqori darajalardan ortiqcha radioaktiv moddalar bilan ifloslangan hududlar, agar bunday hududlarda aholining yashashi va xoʻjalik faoliyatini amalga oshirish inson hayoti hamda sogʻligʻiga tahdid tugʻdirayotgan boʻlsa, konservatsiya qilinishi va ularga maxsus ishlov berilishi lozim. Mazkur hududlarning ifloslanish darajasiga hamda ularni sogʻlomlashtirish usuliga qarab Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan ulardan foydalanishning alohida rejimi joriy etilishi yoki boshqa funksional maqsadi belgilanishi mumkin. Aholi punktlari hududlarining xavfsizligi konsepsiyasini amalga oshirish maqsadida fuqaro muhofazasi talablariga, tabiiy va texnogen xususiyatga ega favqulodda vaziyatlarning oldini olish, shuningdek terrorchilik harakatlariga qarshi kurashish talablariga rioya etilgan holda shaharsozlik faoliyatini amalga oshirish chora-tadbirlari koʻriladi. Shaharsozlik faoliyati obyektlarida alohida tartibga solishni joriy etish muddatlari shaharsozlik faoliyati sohasidagi davlat boshqaruvi organlari tomonidan belgilanadi. Alohida tartibga solish rejimi amalda boʻlgan davrda shaharsozlik faoliyati ushbu Kodeksning 74-moddasida nazarda tutilgan tadbirlarga muvofiq amalga oshiriladi.