Shaxsga doir maʼlumotlar toʻgʻrisida 15-modda. Shaxsga doir maʼlumotlarni transchegaraviy uzatish

Shaxsga doir maʼlumotlarni mulkdor va (yoki) operator tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi hududidan tashqariga uzatish shaxsga doir maʼlumotlarni transchegaraviy uzatishdir. Shaxsga doir maʼlumotlarni transchegaraviy uzatish shaxsga doir maʼlumotlar subyektlarining huquqlari bir xilda himoya qilinishini taʼminlovchi chet davlatlar hududiga amalga oshiriladi. Shaxsga doir maʼlumotlarning bir xilda himoya qilinishini taʼminlamaydigan chet davlatlar hududiga shaxsga doir maʼlumotlarni transchegaraviy uzatish quyidagi hollarda amalga oshirilishi mumkin: subyektning oʻz shaxsga doir maʼlumotlarini transchegaraviy uzatish boʻyicha roziligi mavjud boʻlganda; Oʻzbekiston Respublikasining konstitutsiyaviy tuzumini himoya qilish, jamoat tartibini saqlash, fuqarolarning huquqlari va erkinliklarini, aholining sogʻligʻi va maʼnaviyatini muhofaza qilish zarur boʻlganda; Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalarida nazarda tutilgan hollarda. Shaxsga doir maʼlumotlarni transchegaraviy uzatish Oʻzbekiston Respublikasining konstitutsiyaviy tuzumi asoslarini, Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolarining maʼnaviyatini, sogʻligʻini, huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, mamlakat mudofaasini hamda davlat xavfsizligini taʼminlash maqsadida taqiqlanishi yoki cheklanishi mumkin.