Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi: shaxsga doir maʼlumotlar sohasida yagona davlat siyosati amalga oshirilishini taʼminlaydi; shaxsga doir maʼlumotlar sohasidagi davlat dasturlarini tasdiqlaydi; Shaxsga doir maʼlumotlar bazalarining davlat reyestrini yuritish tartibini belgilaydi; shaxsga doir maʼlumotlar bazalarini Shaxsga doir maʼlumotlar bazalarining davlat reyestrida roʻyxatdan oʻtkazish tartibini tasdiqlaydi; davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlarining, mahalliy davlat hokimiyati organlarining shaxsga doir maʼlumotlar sohasidagi faoliyatini muvofiqlashtiradi. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi shaxsga doir maʼlumotlar sohasidagi vakolatli davlat organi tomonidan taqdim etilgan maʼlumotlarga asosan: shaxsga doir maʼlumotlarga ishlov berilayotganda ushbu maʼlumotlarning xavfsizligiga boʻlgan tahdidlarga qarab, ularning himoya qilinganlik darajasini; shaxsga doir maʼlumotlar himoyasini taʼminlashga oid boʻlgan, bajarilishi shaxsga doir maʼlumotlarga ishlov berish chogʻida ularning belgilangan himoya qilinganlik darajasini taʼminlaydigan talablarni; biometrik va genetik maʼlumotlar mavjud boʻlgan moddiy jismlarga hamda bunday maʼlumotlarni shaxsga doir maʼlumotlardan tashqarida saqlash texnologiyalariga oid talablarni belgilaydi.